Asalning foydali mahsulot ekanligi ko‘pchilik uchun sir emas. Quyida uning foydali jihatlari aynan nimalarda ekanligi va tabiiy asal tanlashda qaysi belgilarga ahamiyat qaratish lozimligiga to‘xtalib o‘tamiz.
Asal, birinchi navbatda, viruslarga va zamburug‘larga qarshi kurashish xususiyatlariga ega. Shuning uchun shamollash bilan bog‘liq xastaliklarda uni iste’mol qilish tavsiya etiladi. U nafaqat kasallik qo‘zg‘atuvchilari, balki burun bitishi va yo‘talga qarshi kurashadi. Qolaversa, asal immunitetni tiklash va turli xastaliklarning oldini olish vazifasini ham bajaradi.
Mineral va vitaminlarga boy tarkibi tufayli mazkur mahsulot ovqat hazm qilish tizimi xastaliklarida ham foyda keltiradi. Shuningdek, uy sharoitida teri holatini yaxshilash uchun ham ajoyib vosita hisoblanadi.
Haqiqiy asalni uning yasamasidan qanday farqlash mumkin?
- Birinchi navbatda, uning turg‘un hidga ega ekanligiga e’tibor qarating. Turli qo‘shimchalar qo‘shilmagan va qaynatilmagan asaldan mum, nektar, gulchang va shirinlik hidlari taraladi;
- Tabiiy shirinlik uzoq vaqt saqlanadi va uning ta’mi o‘zgarmaydi;
- Haqiqiy asal har doim yetarlicha quyuq bo‘ladi. Juda suyuq asal unga nimalardir qo‘shilganligi yoki juda erta yig‘ib olinganligini anglatadi;
- Toza asal quyuq holatda ham juda mazali bo‘ladi. U kristallanganda ham ta’mini o‘zgartirmaydi.
Asalning haqiqiyligini uy sharoitida aniqlashning juda oson yo‘li bor. Shakarli qiyomdan hosil qilingan asalga yuqori namlik xos. Asalga bir bo‘lak nonni solib qo‘ying va uni 8—10 daqiqadan so‘ng oling. Sifatli asalda non qattiqlashadi. Agar non aksincha yumshab yoki erib ketgan bo‘lsa, bu shakar qiyomidan boshqa narsa emas.
Izoh (0)