Toshkent davlat sirkida o‘zbek sirk san’atining mashhur vakili, O‘zbekiston va Rossiya xalq artisti Toshkanboy Egamberdiyev tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan tomosha bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi.
Tadbirda turli davrlarda Toshkanboyevlar sulolasining vakillari bilan yaqin munosabatda bo‘lgan Farrux Zokirov, Kozim Qayumov, Zaripovlar sulolasidan Respublika estrada-sirk kolleji direktori Karima Zaripova va boshqalar Toshkanboyevlar sulolasining hozirgi yetakchisi Olimjon Toshkanboyev ustozligidagi sulola vakillarini yubiley sana bilan samimiy muborakbod etdi.
Tadbirda Toshkanboy Egamberdiyevning o‘zbek sirki rivojiga qo‘shgan hissasi, davomchilarining san’ati haqida hikoya qilib beruvchi hujjatli film hamda ularning faoliyatini yorituvchi suratlar ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Toshkanboyevlar sulolasi vakillari o‘z san’atini Yevropa, Osiyo, Amerika va Afrikaning 30 dan ortiq mamlakatida namoyish etib kelmoqda.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.