Futbol bo‘yicha Ispaniya kubogining final uchrashuvi Madriddagi “Visente Kalderon” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Sports.ru” ispan nashlariga asoslanib ma’lumot berdi.
Avvalroq “Barselona” finalning “Real”ga tegishli bo‘lgan “Santyago Bernabeu”da o‘tishini istagan edi. Biroq “Qirollik klubi” prezidenti ta’mirlash ishlari borligini ma’lum qilib, bu istak ustiga suv sepdi. “Alaves” esa Basklar o‘lkasida joylashgan “San Mames”ni final uchun munosib deb topib, “Atletik” muxlislari ham bunda shu o‘lkadan bo‘lgan “Alaves”ga muxlislik qilishidan umidvor bo‘lgandi.
Mana shunday tortishuvlar vaqtida “Atletiko” Ispaniya kubogi finallarining barchasiga mezbonlik qilish taklifi bilan chiqdi. Kelasi mavsumdan boshlab Madrid klubi yangi — “Vanda Metropolitano” stadioniga ko‘chib o‘tadi. Zamonaviy arena Ispaniya futbol uyushmasini har yilgi muammo — final uchun stadion izlashdan qutqarishi, “Atletiko”ga esa qo‘shimcha daromad keltirishi aytilgandi. Shuningdek, Madridning Ispaniyaning qoq o‘rtasida joylashgani ham futbol jamoalari uchun qiyinchilik tug‘dirmasdi.
Ispaniya futbol uyushmasi hozircha bu qarorni ko‘rib chiqmoqda. Unga qadar esa 2017-yilgi finalni “Atletiko”ning uy arenasi bo‘lgan “Visente Kalderon”ga tayin qila qoldi.
Ma’lumot uchun, “Barselona” va “Alaves” klublari ishtirokidagi bellashuv “Visente Kalderon”dagi so‘nggisi bo‘lib tarixga kiradi. Shundan keyin “Atletiko”ning o‘zi rasmiy uchrashuvlarini “Vanda Metropolitano”da o‘tkazadi.
Izoh (0)