Ro‘ziqul Berdiyev murabbiylik qiladigan Qarshining “Nasaf” klubi Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichida ishtirok etmaydi. O‘tish o‘yinida Bahrayn chempioni darvozasiga Toshkentda 4 ta gol urgan jamoa, pley-offda “Al-Fotih” postiga umuman yo‘l topa olmadi.
“Championat.asia” nashri ma’lumotiga ko‘ra, “Nasaf” Chempionlar ligasi doirasida Saudiyaga uch bor tashrif buyurgan bo‘lib, har safar mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan. 2015 va 2016-yilgi mavsumlarda “Al-Ahli” futbol klubi Qarshi jamoasini 2:1 hisoblarida mag‘lub etgan bo‘lsa, 2017-yilga kelib “Al-Fotih” 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Saudiya chempionatida 12-o‘rinni egallab turgan jamoaga qarshi o‘tgan pley-off bosqichi “Nasaf” uchun birinchisi emasdi. Klub 2014-yil ham pley-off bosqichida to‘p surgan va Qatarning “Al-Jaish” klubidan 1:5 hisobida yengilgan.
“Al-Fotih”ga qarshi o‘yindan keyin “Nasaf” bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
Bunday katta o‘yinlarda gol urmasdan g‘alaba qozonish qiyin. Uchrashuv taqdirini 1 ta aniq zarba hal qildi.“Al-Fotih”dan aynan shunday qarshilik kutgandik. Ularda ham jamoaviy, ham individual mahorati yuqori bo‘lgan futbolchilar bor. Portugaliyalik legioner tomonidan urilgan gol shuning natijasi edi.
Rejamiz bo‘yicha birinchi bo‘limda gol o‘tkazib yubormasligimiz kerak edi. Afsuski unday bo‘lmadi. Dragan Cheran bo‘lim yakunida yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalana olmadi.
Ikkinchi bo‘limda “Al-Fotih” yetarli darajada hujum uyushtirishga imkoniyat qoldirmadi. Kezi kelganda uch hujumchi bilan ham harakat qildik. Biroq raqib yaxshi himoyalandi.
Aytishim mumkin bo‘lgani — jamoalar bir xil futbol o‘ynadi. Bellashuv kimningdir ustunligi ostida o‘tgani yo‘q. Shunchaki mezbonlar imkoniyatdan bir marta foydalandi.
Ro‘ziqul Berdiyev, “Nasaf” bosh murabbiyi
Izoh (0)