Kecha — 7-fevral kuni Qatarda “Al-Jaish”ga qarshi saf tortgan Toshkentning “Bunyodkor” klubi Osiyo Chempionlar ligasining guruh bosqichida qatorasiga o‘ninchi bor ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
“Qaldirg‘ochlar” ilk bor 2008-yilgi mavsumda Chempionlar ligasida debyut qilib, birinchi urinishdayoq yarim finalga qadar yetib borgandi. Oradan 4 yil o‘tib jamoa yana o‘sha natijasini takrorlay olgan va bu borada O‘zbekistonning eng oldi jamoasiga aylangan. Har ikki safar ham jamoani Mirjalol Qosimov final ostonasiga qadar yetaklab kelgan.
Ikki yil avvad “Bunyodkor” o‘z tarbiyalanuvchisi Sardor Rashidovni “Al-Jaish”ga pullagandi. Chempionlar ligasining o‘tgan yilgi mavsumida Qarshining “Nasaf” klubi darvozasiga yo‘l topgan Rashidov, oradan bir yil o‘tib sobiq jamoasiga qarshi muvaffaqiyatsiz to‘p surdi. Nafaqat u, balki jamoadoshlari ham “Bunyodkor” darvozasiga yo‘l topa olmadi.
Uchrashuvdan oldin Sardor Rashidovni qo‘riqlaydigan futbolchi Akrom Komilov bo‘lishini ko‘pchilik taxmin qilib ulgurgandi. Himoyachining o‘zi esa dadil fikr bildirib, raqibidan qo‘rqmasligi haqida aytib o‘tgandi.
G‘alaba uchun har taraflama tayyorgarlik ko‘rdik. Bahsga hamma yuz foiz tayyor.Sardor Rashidovga qarshi o‘ynashdan xursandman. Bugun ikkalamiz uchun ham qiziqarli bo‘ladi. Men uning kuchli va kuchsiz tomonlarini yaxshi bilaman.
Akrom Komilov, “Bunyodkor” a’zosi
Sardor Rashidov 120 daqiqa davomida gol ura olmagani yetmaganidek, penaltilar seriyasida ham omadli bo‘lmadi. “Bunyodkor” posboni Murod Zuhurov ikki zarbani bartaraf qilib, “qaldirg‘ochlar”ni guruh bosqichiga olib chiqdi. JCh—2014 yo‘lidagi pley-offda ham Zuhurov penaltilar seriyasi bilan to‘qnash kelgan bo‘lib, iordaniyaliklarning birorta ham zarbasini qaytara olmagandi. Oradan 3 yildan ziyod vaqt o‘tib, darvozabonda o‘sish ko‘rindi.
Men darvozabonman. Vazifam darvozamni goldan himoya qilish. 120 daqiqa davomida gol o‘tkazmadim. Keyin esa penaltilar seriyasida jamoamga yordam berishga urindim. Ya’ni, vazifamni bajardim xolos.Sardor Rashidov ikki yildan buyon biz bilan birga emas. Shuning uchun ham uning qaysi tomonga zarba berishini bilmasdim. Tavakkaliga sakradim va to‘p yo‘nalishini topdim.
Murod Zuhurov, “Bunyodkor” darvozaboni
Sardor Rashidov “Bunyodkor”ning asosiy tarkibida to‘p surayotganida Rustam Ashurmatov o‘rinbosarlar safida edi. Oradan vaqt o‘tib himoyachi o‘sha Sardor Rashidov jamoasiga gol urishga tayyor holga kelib ulgurgandi.
Jamoamiz yosh bo‘lishiga qaramay, guruh bosqichiga chiqdik. Hamma bir-biriga yordam berib o‘ynadi. Bu esa qiyin bo‘ldi.Mehmonxonadayoq gol urishimni his qilgandim. Bu haqda xonadoshim Dilshod Hamroyevga ham aytgandim. Hozir esa penaltilar seriyasida bo‘lsa ham gol urganimdan xursandman. Urishim bilan Dilshodga xonadagi gapimni eslatdim.
Rustam Ashurmatov, “Bunyodkor” a’zosi
Sergey Lushchan boshqaruvida “Bunyodkor” mamlakat chempionligini qo‘lga kirita olmadi. Ketma-ket ikki mavsumni 4-o‘rinda yakunlagan Toshkent grandi, 2016-yil kumush medallarga ega chiqdi.
Lushchan boshqaruvida “qaldirg‘ochlar” Chempionlar ligasining guruh bosqichida ikki bor muvaffaqiyatsiz ishtirok etgan. Shunday bo‘lsa-da, mutaxassis har safar “Bunyodkor”ni guruh bosqichiga olib chiqadi. Avvalgi ikki mavsum pley-offi Toshkentda o‘tib, toshkentliklar Amirliklarning avvaliga “Al-Jazira”, keyinroq esa Aziz Haydarov to‘p suradigan “Ash-Shabob” klublarini turnirdan chiqarib yuborgandi. Bu safar esa Qatardan g‘alaba bilan qaytdi.
G‘alaba qozonish yoqimli, ayniqsa u kuchli jamoa maydonida qo‘lga kiritilgan bo‘lsa. Men yoshlarimiz uchun xursandman. Endi ular bilan guruh bosqichida to‘p suramiz. G‘alabaga hissa qo‘shgan barchaga rahmat aytaman.Guruh bosqichida qiyin o‘yinlar kutib turganiga qaramay, munosib ishtirok etishga harakat qilamiz.
Sergey Lushchan, “Bunyodkor” bosh murabbiyi
“Al-Jaish”ning fransiyalik bosh murabbiyi katta ehtimol bilan o‘yin taqdirini asosiy daqiqalarda hal qilish haqida o‘ylagan. Bu holat klubning penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko‘rmaganidan ham sezilib qoldi.
“Bunyodkor”dan yomon o‘ynadik deb aytmagan bo‘lardim. Romarinyoda ikkita vaziyat bo‘lsa-da, foydalana olmadi.“Bunyodkor” yaxshi himoyalana oldi. Raqib tartibli o‘ynashga va chidamli bo‘lishga harakat qildi. Lotoreyalar seriyasiga kim tayyor bo‘lsa, o‘sha g‘olib chiqardi. “Bunyodkor” bu borada ustun ekan.
Sabri Lyamushi, “Al-Jaish” bosh murabbiyi
Izoh (0)