Urganchda aholini tabiiy va is gazidan zaharlanishdan asrash, gazdan chaqnash va yong‘in oqibatlarini bartaraf etishda avariya tiklash tuzilmalarining tegishli xizmatlar bilan hamkorlikdagi harakatlari mavzusida maxsus-taktik o‘quv mashqi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Tadbirda gaz ta’minoti mutaxassislari, viloyat ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, sog‘liqni saqlash boshqarmalari vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdi.
“Urganchshahargaz” korxonasi binosi hududida shartli ravishda favqulodda avariya holati yuzaga kelgani haqida ma’lumot berilgach, fuqaro muhofazasi tuzilmalari va viloyat, shahar favqulodda vaziyatlar davlat tizimi xizmatlarining sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatni bartaraf etishga bo‘lgan tayyorgarlik holati tekshirildi.
Yong‘in paytida ma’muriy bino ichidagi xodimlar, moddiy boyliklarni xavfsiz joyga ko‘chirish, yong‘in kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik kabi tadbirlar amalga oshirildi.
Shu kuni Urganch shahridagi 67-isitish qozonxonasida tabiiy va is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq sodir bo‘lgan shartli ravishdagi favqulodda vaziyat qutqaruv guruhi tomonidan bartaraf etildi. Uch ishchi qutqarilib, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Maxsus-taktik o‘quv mashqi nihoyasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan fikr almashildi, tabiiy va is gazi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar bo‘yicha aholi xabardorligi hamda bilimini yanada oshirish lozimligi ta’kidlandi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)