O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni Qozog‘iston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Asqar Maminni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Xabar berishlaricha, Asqar Mamin O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi “ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishdagi katta xizmatlari, mamlakatlar o‘rtasida temiryo‘l transporti sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, shuningdek, mintaqalararo ahamiyatga ega yirik loyihalarni amalga oshirish va Markaziy Osiyo mintaqasidagi xalqaro transport koridorlarini yaratishda faol ishtirok etganligi uchun” mukofotlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2016-yilning sentabrida Asqar Mamin boshchiligidagi Qozog‘iston hukumati delegatsiyasi O‘zbekistonda bo‘lgan, xususan, Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazgan edi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)