“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga noma’qul surat va videolarini joylashtirayotgan san’atkorlarga nisbatan choralar ko‘rmoqda. Bu haqda, “Jamiyat” gazetasi axborotiga asoslanib, “Darakchi.uz” xabar berdi.
“O‘zbeknavo”da boshqarma boshlig‘i Odilbek Abduqahhorovning aytishicha, birlashma “har oy san’atkorlar bilan ma’naviyat soatlari o‘tkazib, ularni tartibga chaqirib turadi”.
“Har kuni ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib boramiz. Noma’qul surat va videolarni oldirib tashlaymiz. Ammo shunda ham quyushqondan chiqadiganlarning litsenziyasini bekor qilishga majbur bo‘lamiz”, — dedi “O‘zbeknavo” vakili.
Ba’zilar ijtimoiy tarmoqqa qanday surat yoki video joylash san’atkorning shaxsiy ishi deb hisoblaydi. Lekin, Odilbek Abduqahhorovning qayd etishicha, “bu — noto‘g‘ri qarash”.
“Jamiyat” gazetasining yozishicha, “ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga behayo suratlarini joylayotgan xonandalar millat ma’naviyatga tahdid solmoqda”.
San’atkorlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilayotgan suratlar va videolarning behayo yo noma’qulligi qanday belgilanishiga aniqlik kiritilmagan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)