O‘zbekistonlik hujumchi Bahodir Nasimov faoliyatini Janubiy Koreyada davom ettiradi, deb yozdi “Championat.asia” nashri.
Futbolchi Key ligada emas, balki undan keyingi o‘rinda turuvchi ligada — “Ansan Griners” safida to‘p suradi. Mazkur ligada jami 10 ta jamoa bor.
Avvalroq Bahodir Nasimovning Janubiy Koreyada bo‘lib turgani ma’lum qilingandi. Ko‘rik davomida “Ansan Griners” o‘zbekistonlik hujumchini o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushirgan. 4:0 hisobi bilan yakuniga yetgan bellashuvda Nasimov dubl qayd etishga muvaffaq bo‘lgan. Natijada koreyaliklar futbolchiga 2 yillik shartnoma taklif qilishni lozim topgan.
Nasimov faoliyati davomida Samarqandning “Dinamo”, Qozonning “Rubin”, Bokuning “Neftchi”, Eronning “Padideh” klublarida ham o‘ynagan. U 2016-yilgi mavsumni “Bunyodkor”da o‘tkazib, 26 bellashuvda 8 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.
Janubiy Koreya Key ligasida bunga qadar Timur Kapadze, Server Jeparov, Aleksandr Geynrix kabi futbolchilar o‘ynagan. Ular orasidan faqatgina Server Jeparovga Janubiy Koreya chempionligini nishonlash nasib qilgan.
Izoh (0)