Ketma-ket 18 ta bellashuvda mag‘lub bo‘lmagan “Manchester Yunayted” futbolchilari va nihoyat “Xall Siti” tomonidan taslim etildi. Angliya liga kubogining yarim finalini “Kingston Kommunikeyshn” stadionida o‘tkazgan Joze Mourinyo shogirdlari 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Shunga qaramay, Liga kubogining finalida “Xall Siti” emas, balki “Manchester Yunayted” futbolchilari to‘p suradi. Boisi “Old Trafford”da bo‘lib o‘tgan dastlabki o‘yin manchesterliklarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakuniga yetgandi.
Ma’lumot uchun, Angliya liga kubogining ikkinchi finalchisi “Sautgempton” hisoblanadi. Premyer-ligada 11-o‘rinni egallab turgan Klod Pyuel boshqaruvidagi jamoa liga kubogida ajoyib yurishni amalga oshirdi va elitaning 4 ta klubiga chiqish eshiklarini ko‘rsatib qo‘ydi: “Kristal Pelas” (2:0), “Sanderlend” (1:0), “Arsenal” (2:0), “Liverpul” (1:0 va 1:0).
Bundan ko‘rinib turibdiki, “Sautgempton” ortda qolgan 5 ta bellashuvning barchasida Premyer-liga vakillari bilan to‘qnash kelgan va 5 ta g‘alabaga erishgan. E’tiborli tomoni, o‘z darvozasidan 1 ta ham gol o‘tkazib yubormagan.
“Yunayted” esa nafaqat to‘p qo‘yib yubordi, balki, mag‘lubiyatga ham uchradi: “Northempton Taun” (3:1), “Manchester Siti” (1:0), “Vest Hem” (4:1), “Xall Siti” (2:0 va 1:2).
Angliya liga kubogi Yarim final 26-yanvar, payshanba
Izoh (0)