Amirlik yig‘inida bo‘lib turgan Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi “Krasnodar”ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi va 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bu haqda “Paxtakor” matbuot xizmati xabar qildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasining so‘nggi o‘yinida sardorlik qilgan darvozabon Aleksandr Lobanov o‘z postini 50 daqiqa davomida goldan saqlay oldi. 50-daqiqada Tornike Okriashvili krasnodarliklarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, oradan besh daqiqa o‘tib Jigulyov Lobanov darvozasiga ikkinchi bor yo‘l topdi — 0:2.
Ma’lumot uchun, Lobanov O‘zbekiston milliy terma jamoasining Gruziyaga qarshi o‘yinida 8 daqiqa ichida 2 ta gol o‘tkazgandi, “Paxtakor”ning “Krasnodar”ga qarshi to‘qnashuvida esa bu ko‘rsatkichni 5 daqiqa ichida qayd eta oldi.
“Paxtakor” saytida yozilishicha, uchrashuvning birinchi bo‘limida Igor Sergeyev darvoza ustunini nishonga olishga muvaffaq bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, “Krasnodar” Rossiya Premyer-ligasining ortda qolgan 17-turidan keyin “Spartak”, “Zenit”, “SSKA” va “Terek” klublaridan so‘ng 5-o‘rinni egallab turibdi. Biroz oldinroq Toshkentning boshqa bir klubi “Lokomotiv” Sankt-Peterburgning “Zenit” klubi bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagandi.
O‘rtoqlik o‘yini BAA, Abu Dabi 25-yanvar, chorshanba
Izoh (0)