Rossiyalik alaralash janglar san’ati (MMA) vakili Ibragim Halilov o‘zbekistonlik Baxtiyor Baratovni Xitoydagi jangning 3-soniyasidayoq nokautga uchratdi. Bu haqda 1news.uz nashri xabar berdi.
Bu hol jang startidagi qo‘l urishtirish lahzasidayoq amalga oshgan. Jangchilar bir-biri bilan qo‘lqop urishtirgan va shu onning o‘zidayoq Ibragim Halilov kutilmagan zarba yo‘llagan. O‘zbekistonlik jangchi og‘ir nokaut qabul qilib olgach, ringda shifokorlar paydo bo‘lgan.
Bu hol ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etildi, deb yozdi 1news.uz. Ayrimlar rossiyalik jangchining bu harakati sport prinsiplariga zid ekani va u noto‘g‘ri yo‘l tutgani haqida yozgan. Foydalanuvchilarning aksar qismi esa Baxtiyor Baratov jang startidayoq sergaklikni yo‘qotib qo‘ygani borasida fikr bildirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, rossiyalik sportchi MMA qoidalariga zid harakat qilmagan. Uning kutilmagan zarbasi qoidalar asosida berilgan. Shu boisdan ham Ibragim Halilovga g‘alaba yozildi. O‘zbekistonlik sportchi vakillari tomonidan bildirilgan e’tiroz esa qabul qilinmadi.
Izoh (0)