O‘zbekistonning Pokiston poytaxti Islomoboddagi elchixonasida “Pokiston — Shanxay Hamkorlik Tashkiloti” Do‘stlik forumi hamda Tinchlik va diplomatiya tadqiqotlari instituti bilan o‘zaro hamkorlikda taniqli o‘zbek yozuvchisi Pirimqul Qodirovning urdu tiliga tarjima qilingan va Pokiston Milliy kitoblar jamg‘armasi tomonidan nashr etilgan “Yulduzli tunlar” romanining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Jahon” axborot agentligiga tayanib, “Qalampir.uz” xabar bermoqda.
Unda Pokiston akademik va ekspert doiralari namoyandalari, jumladan, “Kuayd-a Azam” universiteti huzuridagi Tarixiy va madaniy tadqiqotlar milliy instituti, Tinchlik va diplomatiya tadqiqotlari institutining professor o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi. Tadbir qatnashchilariga yaqinda nashrdan chiqqan mazkur romanning nusxalari taqdim etildi.
“Allama Iqbal” Ochiq universiteti Tarix departamentining professori Abdul Basit taqdimot marosimi qatnashchilarini qutlar ekan, jahon adabiyoti ravnaqiga, xususan, hind submintaqasi adabiyoti rivojiga o‘zining ulkan ta’sirini ko‘rsatgan Zahiriddin Muhammad Boburning ijodiy va tarixiy merosiga yuqori baho berdi. Ma’ruzachining fikr bildirishicha, buyuk shoir va davlat arbobining ijodi nafaqat O‘zbekiston, balki sarhadi juda keng bo‘lgan butun mintaqaning ma’naviy boyligini o‘zida mujassam etgan.
Olimning ta’kidlashicha, “Yulduzli tunlar” romani Bobur hayoti haqida batafsil hikoya qilgani barobarida Markaziy va Janubiy Osiyo xalqlarining o‘sha tarixiy davrdagi madaniyati va hayot tarzini ham yaqqol tasvirlab bergan.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)