Qish faslida stressga chalinishga ko‘proq moyilmiz. Yil yakuni, erishilgan natijalar sarhisobi, bayramlarni rejalashtirish va yaqinlarga sovg‘a izlash... Charchoq va ishdagi tig‘izlik asab tizimiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Bu esa uyquning buzilishi va kayfiyatning tushishiga olib keladi.
Albatta bunday holatlarda dorixonadan tinchlantiruvchi vositani xarid qilishingiz mumkin, biroq ularning zararli tomonlari ham bor. Undan ko‘ra, asablarni tinchlantiruvchi choy ichish yoki quyidagi maqolada keltirib o‘tilgan tavsiyalarga tayanish foydali ham yoqimliroq.Eng oddiy va sehrli usul — o‘ngacha sanash ekanligini bilsangiz kerak. Bu usul orqali stressdan darhol qutilmasangiz ham, u ikki barobarga kamayadi.
Nafas olishga e’tibor qaratish ham ommabop usullardan hisoblanadi. Sekin-sekin nafas oling.
Musiqa hayotimizni uzaytiradi. U albatta klassik bo‘lishi shart emas. Aniq bir ijrochining qo‘shiqlarini xush ko‘rsangiz, bu ham stressga qarshi kurashishda yordam beradi.
Kechinmalaringizni do‘stingiz bilan bo‘lishing. Kundalik ham sizga ajoyib suhbatdosh bo‘la oladi.
Ba’zan butunlay begona odam bilan ham suhbatlashish mumkin. Asosiysi, stressdan o‘z vaqtida qutulish. Tasodifiy hamroh “terapiyasi” sinovdan o‘tgan usullardan biri hisoblanadi. Chunki bunday suhbatdoshingiz bilan, odatda, qaytib ko‘rishmaysiz.
O‘zingizni hurmat qiling va yaxshi ko‘ring. Yon-atrofingizdagi insonlar o‘zingizga bo‘lgan munosabatingizga qarab muomalada bo‘ladi. O‘zingizni tanqid qilmang, bu vaziyatni yanada keskinlashtiradi.
Qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, toza havoda 10 daqiqagina sayr qilish ham asablarni tinchlantirish uchun kifoya qiladi. Toza havodagi qisqa sayrlarni kundalik ishlaringiz ro‘yxatiga kiriting, asab tizimingiz buning uchun sizdan minnatdor bo‘ladi.
Shuningdek, toza havodagi jismoniy mehnat ham asab zo‘riqishining oldini oladi. Bunday mehnatdan keyin uyqingiz ham maroqli bo‘ladi.
Izoh (0)