Atir tanlash ham bir san’at, lekin uning sirlaridan barcha ayollar ham xabardor, deb aytish qiyin. Kimyoviy va fizik nuqtai nazardan atir spirt va parfyumeriya birikmasidan iborat bo‘lsa-da, haqiqatda u bizning his-tuyg‘u va istaklarimizdan yaraladi.
Kayfiyat va qalbingiz holati bilan siz tanlagan ifor ham o‘zgarib borishini payqagan bo‘lsangiz kerak. Ba’zan kechagina sizga ma’qul bo‘lgan ifor, bugun g‘ashingizga tega boshlaydi.
Buyuk Koko Shanel atirni ayol kishining paydo bo‘lganligi haqida yon-atrofdagilarni xabardor etuvchi, u ketgandan keyin esa uni eslatib turuvchi ko‘rinmas, biroq unutilmas va tengsiz aksessuar deb atagan edi. U atirni libosga qiyoslagan edi. Shunday ekan, uni tanlashga ham mas’uliyat bilan yondashish zarur.
Atirni qayerdan va qachon xarid qilish lozim?
Atirni kunning birinchi qismida tanlagan ma’qul. Aynan ertalabki soatlarda hid bilish retseptorlarimiz ko‘proq sezgir bo‘ladi. Atir xarid qilish uchun chiqishdan avval atir, dezodorant va boshqa hidi o‘tkir vositalardan foydalanmaslikka harakat qiling. Aks holda ular tanlash jarayonida sizni chalg‘itishi mumkin.Atir xarid qilish uchun eng yaxshi joy kichik, biroq yaxshi nom qozongan butikdir, zinhor bozor yoki yerosti yo‘li emas. Mutaxassislar bir tanlov davomida uch-to‘rttadan ko‘p iforni hidlamaslikni tavsiya qiladi. Chunki hid bilish retseptorlarimiz tez toliqib qoladi va sezgirligini yo‘qotadi.
Yaxshi parfyumeriya do‘konida sizga atirlar iforini hidlash oralig‘ida qahva donachalari solingan idishni hidlashni tavsiya etishadi. Bu burunning turli hidlarni sezish qobiliyatini qayta tiklaydi. Belgilangan miqdordagi atirlarni hidlab ko‘rgandan keyin ham ulardan o‘zingizga ma’qulini tanlay olmasangiz, xarid uchun boshqa kun kelishni maslahat beramiz.
Shuni yodda tutingki, atir ifori qalbingizning eng nozik nuqtalarini zabt etishi lozim. Shundagina u aynan sizning iforingiz ekanligini anglab yetasiz!
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)