Rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkinning kanadalik Bermeyn Stivernga qarshi jangi oldidan topshirgan doping namunasida taqiqlangan modda aniqlandi. Bu haqda Butunjahon boks kengashi (WBC) rahbari Maurisio Suleyman Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Sport-Ekspress”.
Xabarda qayd etilishicha, Povetkinning Ixtiyoriy doping-test topshirish assotsiatsiyasi (VADA) tomonidan olingan namunasida ostarin moddasi topildi. Povetkin va Stivern jangi 17-dekabr kuni Yekaterinburg shahrida o‘tkazilishi kerak edi. Bo‘lajak jang bo‘lib o‘tish-o‘tmasligi so‘roq ostida qolmoqda.
Qayd etish joiz, 37 yoshli rossiyalik bokschida avval ham doping chiqqandi. 21-may kuni Povetkin AQShlik Deontey Uaylderga qarshi jang qilishi kerak edi. Biroq rossiyalik bokschining organizmida meldoniy qoldiqlari aniqlangani uchun jang noma’lum muddatga qoldirildi. WBC Povetkinga nisbatan tergov ishi davom etguniga qadar Deontey Ualderga o‘z titulini ixtiyoriy ravishda himoya qilish huquqini berdi. Avvalroq rossiyalik bokschining “B” doping namunasida 72 nanogramm, “A” namunasida 70 nanogramm meldoniy borligi aniqlangan edi.
Uaylder tomoni jang bekor qilingani uchun Povetkin va “Mir boksa” promouterlik kompaniyasini sudga bergani va kamida 5 million dollar miqdorida tovon pulini qo‘lga kiritishni istayotgani haqida xabar berilgandi.
Keyinroq “Mir boksa” promouterlik kompaniyasi rahbari Andrey Ryabinskiy amerikalik bokschining tomoni Povetkinni doping qabul qilganlikda ommaviy rashivda ayblagani uchun sudga murojaat qilib, Deontey Uaylderdan 34,5 million dollar talab qilgani ma’lum qilingan edi.
Shuningdek, shu yilning noyabr oyida Bermeyn Stivern doping namunasida ham taqiqlangan preparat – metilgeksanamin aniqlangandi. Lekin kanadalik bokschi 75 ming dollar jarima bilan cheklandi va mazkur modda uning organizmiga energetik ichimlik orqali kirganini aytdi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)