14-dekabr kuni “Turkiston” saroyida “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo”ga “Kamolot” YoIH matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tadbirda vazirlik, idora va muassasalarning rahbarlari, jamoat tashkilotlari vakillari, “Kamolot” yetakchilari va faollari, “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sovrindorlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Ushbu ko‘krak nishoniga nomzodlar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining quyi tashkilotlari va jamoatchilik tomonidan taqdim etilib, sovrindorlarga mukofot Harakat Markaziy Kengashining qarori asosida beriladi.
2003-yildan buyon “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlangan yoshlar soni 457 nafarni tashkil etdi.
Joriy yilda ilm-fan, madaniyat, san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash, jurnalistika, sport, qishloq xo‘jaligi, kichik biznes, huquq va harbiy sohalarda o‘qiyotgan, ishlayotgan hamda ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanib, yuksak natijalarga erishayotgan 50 nafar yoshlarga “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni topshiriladi.
Tantanali marosim oldidan sovrindorlar Mustaqillik maydonidagi “Mustaqillik va ezgulik” monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
Tadbir yosh ijrochilar va san’at ustalari ishtirokidagi konsert dasturi bilan yakunlandi.
Izoh (0)