Qozog‘istondagi boshqaruvning prezidentlik shakli mamlakatdagi hozirgi sharoitlarga to‘g‘ri keladi, shu bois ayni paytda uni o‘zgartirishga hojat yo‘q. Bu haqda mahalliy telekanallar orqali namoyish etilgan “25KZ: Yangi tarix” hujjatli filmida mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboyev ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.
“O‘zgacha sharoitlar bo‘lganda boshqa bosqichga o‘tamiz. Boshqa vazifalarni yechishga to‘g‘ri keladi va xalq o‘zga boshqaruv shaklini so‘raydi. Ana o‘shanda xalq bilan birga qanday yo‘ldan ketishimizni hal qilamiz”, — deya ta’kidladi Qozog‘iston prezidenti.
Nazarboyevga ko‘ra, Qozog‘istondagi amaldagi davlat boshqaruvi modelini mustabidlik yoki yakkahokimlik bilan taqqoslash o‘rinsiz.
“Fransiyadagi prezidentlik hokimiyati bizdan-da kuchliroq. Bizdagi holatni turlicha, ba’zan mustabidlik yoki yakkahokimlik tuzumi deb atashadi. Bu sharoitlarimizni tushunmagan, hayotimiz haqida hech narsa bilmagan yoki gazetalarda o‘qiganlar to‘qigan safsata. Bugungi kun uchun mamlakatimizdagi hokimiyat tizimi risoladagidek”, — deya ta’kidladi Qozog‘iston rahbari.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.