Eron oliy sudi taniqli biznesmen Bobak Zanjoniyga nisbatan chiqarilgan o‘lim hukmini bekor qilmadi. Bu haqda sud raisi o‘rinbosari G‘ulom Rizo Ansoriy IRNA agentligiga bayonot berdi, deb xabar qiladi “TASS”.
Zanjoniy yaqin-yaqingacha mamlakatning eng boy insoni hisoblanar edi.
Zanjoniy xalqaro taqiqlash choralariga zid ravishda o‘tkazilgan oldi-berdi operatsiyalarida National Iranian Oil Co davlat korporatsiyasiga tegishli 2,7 milliard dollarni o‘zlashtirishda aybdor deb topilgan, ammo sud qarorini apellyatsiyaga bergan edi.
Zanjoniydan tashqari, yana ikki kishi aybdor deb tan olindi. Ansoriy ularning ishlari ham qayta ko‘rib chiqishga kiritilganini ma’lum qildi.
Zanjoniy Mahmud Ahmadinajod prezidentligi yillarida Dubaydagi xoldingi orqali Eron rasmiylariga noqonuniy ravishda neft sotishga ko‘maklashgan, shu tufayli AQSh va Yevroittifoqning sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan. Bu “xizmat”lari evaziga tijoratchi eronlik amaldorlardan 1,5 milliard yevro pora olgan.
Boyligi 13,5 milliard dollarni tashkil qiladigan Zanjoniy Hasan Ruhoniy prezidentlikka kelganidan so‘ng, 2013-yil dekabrida hibsga olingan edi. O‘shanda 12 deputat uning moliyaviy faoliyatini taftish qilish talabi ifodalangan murojaatni hukumatga yo‘llagan edi.
Izoh (0)