“Darakchi.uz” O‘zbekiston shou-biznesidagi mashhur insonlar qanday holatda asabiylashishi mumkinligiga oydinlik kiritdi.
“Tabiatan hushchaqchaq, quvnoq qizman. Shuning uchun diqqatimni oshirish biroz qiyin. Biroq qornim ochsa bormi, umuman boshqa insonga aylanaman. Ul-bul yegulik tanovul qilib olmagunimcha jig‘ibiyron bo‘laveraman”, — deb fikr bildirgan Umidaxon.
Xonanda Anvar Sanayev esa qo‘ng‘iroq qila turib, suhbatdoshining shaxsini aniqlashga kirishadiganlarni tushunmasligi haqida aytdi: “Menga qo‘ng‘iroq qilib ‘Kim bu’ deyishsa, juda asabiylashaman. Odam qayerga, kimga qo‘ng‘iroq qilayotganini bilib turib ham shunday ahmoqona savol berishi mumkinmi?”.
“Tuhmat, yolg‘on va g‘iybatdan tepa sochim tikka bo‘ladi. Ayniqsa, san’atkorning qandayligini bilmay turib, mish-mish tarqatishsa, g‘iybat bilan hayotiga aralashishsa, bundan ham yomoni yo‘q”, — dedi aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva.
Rejissor Narimon Sultonxo‘jayev odamlarga bepisandlik bilan qaraydiganlarni jini suymasligi haqida aytgan: “Mashhurlar bilan gaplashib, ish borasida uchrashuv olib boraman. Shunday paytda bepisandlik bilan qaragan, xalqqa tanilib, kimligini unutib qo‘ygan, “yulduzlik kasali”ga chalinganlarni ko‘rsam, diqqatim oshadi”.
Izoh (0)