Toshkent shahridagi Inha universiteti talabalarning dasturiy ta’minot va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqish bo‘yicha faoliyati haqida ma’lumot berdi. Jumladan, 10 talabani birlashtiruvchi Fizmasoft startapi yaratildi, deb xabar beradi “Mobinfo.uz”.
Startap yetakchisi Sherzodbek Tojimaxammatov firma 2015-yilda tashkil topganini ma’lum qildi.
Startapdan ko‘zlangan asosiy maqsad veb, mobil va desktop dasturiy ta’minotlari, shuningdek, uskunalar yaratishdir. Ayni paytda jamoa bir nechta qiziq loyihalarni ishlab chiqib, joriy etdi.
Ta’kidlanishicha, eng istiqbolli loyihalardan biri sifatida FaceCon Access Control dasturiy ta’minoti ko‘rilmoqda. Ushbu tizim odamlarning yuzini tanish yo‘li bilan ularga bino yoki xonaga kirish imkoniyatini beradi. Ayni paytda yuzni tanish aniqligi 99,9 foizni tashkil etadi.
FCrypte II loyihasi foydalanuvchilarga ma’lumotlar hajmini siqish hamda ularni kriptlash yo‘li bilan shaxsiyligini ta’minlash imkonini beradi. Yana bir ishlanma USB-Guard deb atalib, u maxsus USB kaliti yordamida dastur va o‘yinlarni himoya qiladi.
Fizmasoft jamoasi, shuningdek, mobil uskunalar uchun Mobile Control dasturini ishlab chiqdi. Uning yordamida foydalanuvchilar bolalarning devayslardan foydalanishini nazorat qilishi mumkin.
Sherzodbek Tojimaxammatov ushbu loyihalarning ayrimlari rasmiy relizga ega ekanligi hamda korxona va tashkilotlarda joriy etilganini ta’kidlab o‘tdi.
Izoh (0)