Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Oliy Ligasida 15-o‘rinni egallagan klub 28-noyabr kuni elitadagi joyini saqlab qolish uchun “final” o‘yinida maydonga tushadi, deb yozdi PFL sayti. Bunda uning raqibi mamlakat 1-ligasida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan “Norin” klubi bo‘ladi.
Oliy Liga turnir jadvalining so‘nggi uch pog‘onasida “Obod”, “Navbahor” va “Andijon” klublari bormoqda. Dastlabki ikki klub 23 tadan ochkoga ega bo‘lsa, “Andijon”da 20 ochko bor. So‘nggi turda “Navbahor” va “Andijon” klublari o‘zaro Andijonda to‘qnash keladi. Qayd etish kerak, tomonlarning birinchi davra Namanganda bo‘lib o‘tgan o‘yinida “Navbahor” 2:0 hisobida zafar quchgandi.Ma’lumot uchun, Oliy Ligada so‘nggi — 16-o‘rinni qo‘lga kiritgan klub to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyi ligaga ravona bo‘ladi. 15-o‘rinni egallagan jamoaning Oliy Ligada jon saqlab qolish uchun qo‘shimcha o‘tish o‘yinida ishtirok etishi ilk bor 2015-yilgi mavsumda kuzatilgan bo‘lib, o‘shanda Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubi birinchilikda 2-o‘rinni egallagan “Oqtepa” ustidan 2:1 hisobida zafar quchgandi.
28-noyabr kungi o‘tish o‘yiniga TTYMI stadioni mezbonlik qiladi. Ish kunida bo‘lib o‘tadigan bellashuv 13:00 ga tayin qilingan.
Izoh (0)