O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qiyotgan talabalar moddiy yordam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun talaba muddatli harbiy xizmatni o‘tagan bo‘lishi talab etiladi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati matbuot xizmatining qayd etishicha, moddiy yordam ko‘rsatish O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2016-yil 26-sentabrdagi 73, 4-2016-son qaroriga muvofiq amalga oshadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan, harbiy qismlar qo‘mondonligining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt shakli asosida o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun berilayotgan bu imkoniyat joriy o‘quv yili davomida amalda bo‘ladi.
2017-yilning 1-fevraliga qadar oliy o‘quv yurti yuqoridagi shartlarga javob beradigan talabalar ro‘yxatini “Kamolot”ga taqdim etadi. Bunda talabaning o‘zlashtirishi va intizomi alohida inobatga olinadi.
Qayd etish kerak, talabaning o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 71 foizdan past bo‘lmasligi lozim. Buni aniqlash uchun talabaning barcha fanlardan to‘plagan umumiy ballari, shu fanlar soniga bo‘linadi.
Mana shu shartlarga javob bera olgan talaba 20-fevralga qadar moddiy yordam olishi to‘g‘risida “Kamolot”ga ariza beradi. Harakat esa 1—5-mart sanalari oralig‘ida arizalarni o‘rganib chiqib, qaror qabul qiladi. Shundan so‘ng 10 bank kuni davomida oliy o‘quv yurti hisob raqamiga moddiy yordam pulini o‘tkazadi.
Bordi-yu, talaba moddiy yordam olish huquqidan voz kechsa, oliy o‘quv yurti 10 kun ichida mablag‘ni “Kamolot”ning o‘ziga qaytarib beradi.
“Kamolot” talab qilayotgan shartlarning to‘liq ko‘rinishi bilan mana shu havola orqali tanishish mumkin.
Izoh (0)