14-noyabr kuni “Istiqlol” san’at saroyida xonanda Jasur Umirovning yakkaxon konserti start oldi, deb yozgan “Darakchi”, keyinroq dasturga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
Nashrga ko‘ra, muxlislar Jasur Umirovni qanchalik sevishini zaldagi muhitdan anglash qiyin emas. Biroq konsertga jurnalist sifatida tashrif buyurilgani uchun ayrim e’tirozlar paydo bo‘lgan.
“Bir kunda 12 ta qo‘shiq yozgan san’atkorni eshitganmisizlar”, — deb maqtangan Jasur Umirov. Bu xonandaning mas’uliyatsizligimi, deb fikr bildirgan nashr. Ancha oldin e’lon qilingan konsert dasturi uchun nahotki bir kunda qo‘shiqlar yozib tashlangan bo‘lsa?
“Umirov dasturi davomida muxlislar bilan muloqotga kirishga, ularning ko‘nglidan yanada chuqur joy olishga urunar ekan, o‘zi bilmagan holda ko‘plab xatolar qildi. Bunga yaxshilab tayyorgarlik ko‘rmaganligi sababli jumlalari bir-biriga qovushmadi. Ehtimol, bu xonandaning harakteriga xos bo‘lgan holatdir, biroq sahnada ko‘cha tilida so‘zlashish, gaplarni uzuq-yuluq gapirish san’atkorning madaniyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi, degan fikrdamiz”.
“Ikkinchidan, xonanda zaldagi tartibni saqlab turgan qo‘riqchilarga muxlislar erkinligini chegaramaslikni va saroy sahnasining bir qavati ular uchun mo‘ljallaganini ma’lum qildi. Bundan foydalangan tomoshabinlarning bir to‘dasi sahnani butunlay egallab oldi. Natijada o‘rindiqlarida o‘tirgan tomoshabinlarga sahna deyarli ko‘rinmay qoldi”, — deyilgan fikrda.
Ma’lumot uchun, Jasur Umirov 15 va 16-noyabr kunlari ham konsert beradi.
Izoh (0)