Angliyaning “Lids” futbol klubi uy stadioniga tashrif buyurishdan umrbod chetlatilgan muxlis boshqa o‘yinda ko‘rinish berdi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.
2012-yili Aaron Kouli ismli “Lids” muxlisi jamoasining “Sheffild Uensdey” klubiga qarshi o‘yinda maydonga yugurib chiqib, raqib jamoa darvozaboni Kris Kirklend yuziga zarba berdi. O‘yin milliy telekanal orqali namoyish etilgani uchun zo‘ravon muxlis butun dunyoga tanildi.
O‘sha kunning o‘zida Aaron Kouli hibsga olindi. Sud uni to‘rt oyga ozodlikdan mahrum qilib, Angliyadagi futbol stadionlariga 6 yil davomida tashrif buyurishni taqiqladi. “Lids” esa o‘z muxlisiga klubning uy stadioni “Elland Roud”ga umrbod tashrif buyurishni taqiqladi.
O‘tgan dam olish kunlari zo‘ravon muxlis “Lids”ning “Norvich”ga qarshi safardagi o‘yinida ko‘rinish bergani ma’lum bo‘ldi.
Xabarda qayd etilishicha, Aaron Kouli 6 yillik diskvalifikatsiyasini 4 yilgacha qisqartiish haqida sudga murojaat qildi. O‘tgan vaqt mobaynida “Lids” muxlisi Angliyaning stadionlarida rasman ko‘rinish bermagani uchun, sud uning iltimosini qondirishga qaror qildi.
Izoh (0)