Jurnalist Muhammad Ismoil marhum Abdulla Oripovning Do‘rmondagi xonadonida bo‘lib, u yerdagi vaziyat yuzasidan Facebook’dagi sahifasida ma’lumot berdi.
“Bugun kun bo‘yi Do‘rmonda, buyuk ustoz Abdulla Oripov xonadonida bo‘ldim. Kelib ketuvchi birodarlarimizni ustozning tug‘ishgan akasi Abdurazzoq aka, ayollarni esa Abdulla akaning singlisi Bibisora opa va qizlari Shoiraxon va Yulduzxon kutib olmoqda”, — deb yozadi u.
Muhammad Ismoilning bildirishicha, Do‘rmondagi yozuvchilar bog‘iga boradigan asfalt yo‘l tezkorlik bilan ta’mirlanmoqda, daraxtlar oqlanmoqda, yo‘llar supurib-sidirilib, tozalanmoqda. AQShdan samolyot 7-noyabr, dushanba kuni kech soat 20:00 da marhumni keltirishi kutilmoqda va ertasi kuni peshinda Chig‘atoy qabristoniga dafn etilishi aytilmoqda.
Ilgariroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning vafoti munosabati bilan bergan bayonotida marhumning jasadini O‘zbekistonga olib kelishga va o‘z vatanida dafn qilishga qaror qilgan Abdulla Oripovning oila a‘zolariga yordam berish uchun O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi elchixonasiga konsullik va boshqa masalalarni zudlik bilan hal qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish to‘g‘risida ko‘rsatma berilganini xabar qilgan edi.
Abdulla Oripov 5-noyabr tonggi soatlarda Xyustondagi shifoxonada hayotdan ko‘z yumdi. U 3-noyabr kuni kechqurun koma holatiga tushib qolgan edi.
Izoh (0)