AQShning Michigan shtatida Jeb laqabli it Vlad laqabli qo‘shni itni o‘ldirganlikda gumon qilinib, ikki oy mobaynida o‘limga hukm qilingan mahbuslar kamerasida saqlandi. Sud itni aybdor deb topib, uni og‘riqsiz o‘ldirish qarorini chiqarganiga qaramay, it o‘limdan qutulib qoldi, deb xabar beradi “Vesti.ru”.
Vlad 24-avgust kuni halok bo‘ldi. Uning jasadi yonida turgan Jeb o‘zidan kichikroq itga hujum qilishda gumondorga aylandi. Ish Sent-Kler Taunship shahri sudida ko‘rib chiqildi. Sud Jebni aybdor deb topib, unga o‘lim jazosi tayinladi.
Ammo bir oydan so‘ng sud gumondorning xo‘jayiniga qurbon tanasini qo‘shimcha DNK tahlilidan o‘tkazishga ruxsat berdi. Tahlil natijalariga ko‘ra Vladda Jebning izlari yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. It aybsiz deb topilib, ozodlikka chiqarildi.
Vladning qotili noma’lumligicha qolmoqda.