Rossiyaning Barnaul shahrida istiqomat qiluvchi Ivan Drachyov Ob daryosida baliq ovlab o‘tirgan paytida muz ostiga tushib ketgan losni qutqarib qoldi. Bu haqda, baliqchining hikoyasiga tayanib, TJournal yozmoqda.
Drachyovning hikoya qilishicha, u endi uyiga qaytmoqchi bo‘lganida daryoning erimay qolgan qismida shimol bug‘usi cho‘kayotganini ko‘rgan. U jonivorga yordam berish uchun oshiqqan.
Dastlab erkak rafiqasiga qo‘ng‘iroq qilib, FVV vakillarini chaqirishni so‘ragan, ammo ular yordam berishdan bosh tortgan. Shundan so‘ng Drachyov otasiga qo‘ng‘iroq qilib, undan langar arqoni va bolta olib kelishni so‘ragan.
“Men otamga boshqa tomonga o‘tib olishida yordam berdim. Kamand yasab, uchinchi harakatda arqonni jonivorning bo‘yniga tashladim, u bo‘g‘ilib qolmasligini ta’minladim. Tortishni boshladik, jonivor yonboshladi, bunda old tuyoqlari muz ustiga chiqib qoldi, shu tariqa uni 20 metrcha tortdik. Qirg‘oqqa yaqin yana bir muz sindi, lekin endi qo‘rqinchli emas edi. Los hayratlanarli darajada tinch yotardi, aftidan, gangib qolgan edi”, — dedi baliqchi.
Shundan so‘ng ikki erkak muzlab qolgan bug‘uning tanasini ishqalab, uni isitishga urindi. Birozdan so‘ng o‘ziga kelib, tetiklashgan los erkaklar tomonidan qo‘yib yuborildi.
Izoh (0)