Sovuq fasllar qaynoq ichimliklar mavsumidir! Tanaga issiqlik beruvchi xushbo‘y ichimliklar qadimdan tayyorlab kelingan. Ular orasida ajoyib ta’mga ega bir necha xil variantlar mavjud. Bu turli-tuman choylar, o‘tli damlamalar, shokolad, qahva, kakao va sut asosida tayyorlangan ichimliklardir.
Bunday ichimliklarni ichish ayniqsa kuz va qishda juda foydali. Chunki ular qon aylanishini yaxshilaydi, demakki, tezroq isitadi. Barchasi bunday ichimliklarga qo‘shiladigan zanjabil, limon kabi ziravorlar tufaylidir. Sevimli mahsulotlaringizdan o‘z retseptingizni yaratishingiz ham mumkin.
Qaynoq shokolad
Bu mazali ichimlikni hamma xush ko‘radi, biroq qaynoq shokolad mazali chiqishi uchun barchasini qoida bo‘yicha tayyorlash kerak.
Yarim litr sutni olovga qo‘yib, 2 osh qoshiq shakar va bir chimdim vanilin qo‘shamiz. Aralashma qaynab chiqqandan so‘ng, bo‘laklarga bo‘lingan qora shokoladni qo‘shib, quyuqlashguncha qaynatamiz.
Qaynatish jarayonida uni aralashtirib turish tavsiya etiladi.
Kakao
Kakaoning ta’mi bolalikni eslatadi. Xushxo‘r, biroq ko‘ngilga urmaydigan, xushbo‘y va qaynoq. Tabiiy kakao kukuni sog‘liq uchun juda foydali hisoblanadi. Chunki unda kayfiyatni ko‘taruvchi moddalar mavjud.
Uch choy qoshiq kakaoga bir qoshiq suv qo‘shib, aralashtiramiz. Bir stakan sutni qaynatib, kakao bilan aralashtiramiz va suzgichdan o‘tkazamiz.
Agar kakao kukuni tabiiy bo‘lsa, unga bir qoshiq shakar qo‘shish mumkin. Ustidan marshmellou (zefirinki) sepish mumkin.
Zanjabil choyi
Zanjabil choyi quvvat beruvchi va moddalar almashinuvini yaxshilovchi, yoqimli ta’mga ega bo‘lgan ajoyib ichimlikdir. Tanani qisqa vaqt ichida qizdiradi.
2 santimetr zanjabil tomirini mayda qirg‘ichdan o‘tkazamiz. Uning ustidan qaynoq suv quyib, bir choy qoshiq qora choy qo‘shamiz.
3—5 daqiqa qaynatgandan so‘ng ta’bga ko‘ra bir bo‘lak limon qo‘shamiz.
Izoh (0)