Ertaga — 24-oktabr kuni O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Osiyo Chempionatining chorak finalida Eronga qarshi maydonga tushadi.
Bahrayn poytaxti Manama shahrida joylashgan Radisson Blu Diplomat mehmonxonasida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jasur Abduraimov Eronga qarshi o‘yin oldidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ishtirok etdi. Uning fikrlari O‘FF matbuot xizmati tomonidan keltirib o‘tildi.
“Eron Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri. Futbolchilari jismonan baquvvat va texnikasi kuchli, taktik tayyorgarligi ham joyida. Mening jamoam esa bunday raqibga qarshi o‘ynashga tayyor”, — deb so‘z boshladi Abduraimov.
“Xitoyga qarshi o‘yinda asosiy futbolchilarimizga dam berdik. O‘sha kuni tarkibda maydonga tushgan futbolchilar ham o‘zlarini ko‘rsata oldi. Bu bilan biz barcha yigitlarni sinovdan o‘tkazib oldik va kimning bo‘lajak o‘yinlariga tayyor ekani borasida xulosaga keldik. Ertaga Eronga qarshi qiziqarli, jiddiy, shu bilan birgalikda hammaga yoqadigan o‘yin bo‘ladi”, — deb ta’kidladi Jasur Abduraimov.
Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Amirxusayn Peyrovani esa O‘zbekiston yoshlari sha’niga iliq fikrlar bildirdi: “O‘zbekiston turnirning eng yaxshi jamoalaridan biri. Bizga oson bo‘lmasligi aniq. O‘yin feyr-pley qoidalari asosida o‘tib, jamoalar unda yaxshi harakat qila olishlariga umid bildiraman”.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Eron yoshlar termalari o‘yinida g‘olib chiqqan jamoa 2017-yil Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan Jahon Chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi.
Izoh (0)