O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 18-oktabr kuni Islom taraqqiyot banki (ITB) prezidenti Bandar Hajar bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Shavkat Mirziyoyev mehmonni musulmon dunyosining eng nufuzli moliya muassasalaridan biriga rahbar etib tayinlangani munosabati bilan tabriklab, ITB bundan buyon ham butun islom ummatining birdamligi va barcha a’zo mamlakatlar rivojiga munosib hissa qo‘shaverishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan ITB o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, ayniqsa, tomonlar ijtimoiy va iqtisodiy yo‘naltirilgan loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida keng ko‘lamli hamkorlik qilayotgani ta’kidlandi. Islom taraqqiyot banki tomonidan shu kungacha O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash, ta’lim, irrigatsiya va melioratsiya, energetika, suv ta’minoti, kommunal xo‘jalik, yo‘l infratuzilmalarini rivojlantirish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarga oid 26 loyiha ijrosi uchun 1,4 milliard AQSh dollaridan ortiq mablag‘ ajratilgani buning yorqin tasdig‘idir.
Shu bilan birga, aloqalarni yanada taraqqiy ettirish, yangi bosqichga ko‘tarish uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi. Foydalanilmayotgan imkoniyatlarni o‘rganish va ishga solish, yangi loyihalar tuzish, sheriklik ko‘lamini kengaytirish maqsadida turli darajadagi delegatsiyalar almashuvi bo‘yicha aniq harakat dasturini ishlab chiqishga kelishib olindi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston ITB bilan strategik hamkorlikni rivojlantirish tarafdoridir. Shu munosabat bilan mamlakat 2017–2019-yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik strategiyasini birgalikda ishlab chiqish va joriy yilning o‘zida qabul qilishga tayyor. Ayni paytda ushbu strategiyaga kiritish uchun umumiy qiymati 1,4 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan 21 loyiha bo‘yicha takliflar tayyorlab qo‘yilgan.
Mehmon Islom hamkorlik tashkilotining Toshkentda “Ta’lim va ma’rifat — tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” shiori ostida o‘tayotgan anjumaniga taklif qilgani hamda o‘z nutqida ITB faoliyatiga yuksak baho bergani uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik izhor etib, O‘zbekistonning o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish borasidagi barcha takliflarini qo‘llab-quvvatlashini, erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etishga tayyorligini bildirdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston rahbariyatining tashabbusini ro‘yobga chiqarish — Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmui huzurida nafaqat islom madaniyati, balki umuminsoniy sivilizatsiya ravnaqiga benazir hissa qo‘shgan buyuklarning boy diniy-ma’naviy merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy tadqiqotlar markazini tashkil etishda ITBning ishtiroki istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Bu tashabbus negizidagi “jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyili islom dinini unga putur yetkazadigan soxta g‘oyalar orqali emas, balki Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband, Burhonuddin Marg‘inoniy, Imom Moturidiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi daholar merosidan o‘rganishga, mana shu umume’tirof etilgan diniy-madaniy va ilmiy boylikni butun dunyoda keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan e’tiborlidir.
Bandar Hajar tashabbusni yuksak baholar ekan, bunday ezgu g‘oyalar musulmon olamining hamjihatligini yanada mustahkamlashga va umumiy maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Islom taraqqiyot banki o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga doir boshqa masalalar ham muhokama qilindi.
Izoh (0)