Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov rossiyalik taniqli jangchi Fyodor Yemelyanenkoning qiziga uyushtirilgan hujum yuzasidan shoshilinch xulosalar qilmaslikka chaqirdi. U voqeadan boxabar, prezident Vladimir Putinga ham bu voqea yuzasidan axborot berilgan, deb xabar beradi “Vedomosti”.
Kecha, 12-oktabr kuni, Yemelyanenkoning 9 yoshli qiziga ko‘chada noma’lum shaxslar hujum qilgani ma’lum bo‘ldi. Bu gap-so‘zlarni Yemelyanenkoning matbuot kotibi Yuliya Kuklina ham tasdiqladi.
Qizning ahvoli yaxshiligi aytilmoqda.
“Umuman olganda, bolaga hujum qilinishi — yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat, bu hujum uyushtirganlarni topish bo‘yicha eng qat’iy choralarni ko‘rishni talab etadi. Ammo bu holatda men tashkilotchilar aniqlanmaguniga qadar gumonlardan qochishni tavsiya etgan bo‘lardim”, — dedi Peskov.
Fyodor Yemelyanenko 4-oktabr kuni Grozniy shahrida o‘tkazilgan Grand Prix Akhmat 2016 aralash janglar turnirida yosh bolalar ishtirokini tanqid qilgandi.
Keyinroq “Axmat” klubi prezidenti Abuzayd Vismuradov Rossiya MMA rahbarining ushbu masala yuzasidan tanqid qilishga haqqi yo‘q ekanini aytgandi.
Shuningdek, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Yemelyanenkoning tanqidiga o‘z munosabatini bildirgan edi.
Izoh (0)