“Oila va jamiyat” haftalik gazetasi muallifi pomidor narxining qimmatligi hamda ushbu mahsulot tanqisligi O‘zbekistonga kirib kelgan zararkunanda bilan bog‘liqligini aniqladi. Material mazmunini 1News keltirdi.
Jurnalist bilan suhbatlashgan respondentlarning fikricha, o‘tgan qish sovuq bo‘lmagani bois joriy yilda zararkunandalar ayniqsa ko‘pdir. Jumladan, pomidorlar hosiliga zarar keltiruvchi hasharotlar ham ko‘payib ketdi. Mutaxassislardan birining ma’lum qilishicha, ushbu hasharotlarning vatani Janubiy Amerikadir. O‘tgan asrning 80-yillarida Janubiy Amerika tomat kuyasi (Tuta absoluta Povolny) dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tarqaldi. 2010-yilda u Rossiyada aniqlandi, endi esa O‘zbekistonga ham kirib kelgani ma’lum bo‘ldi. Olimlar hozircha zararkunandaga qarshi kurashishning muvaffaqiyatli yo‘llarini topa olmayapti.
Markaziy Amerika hududidan tarqala boshlagan zararli kuya ayni paytda Janubiy Amerika, Yevropa va O‘rta Yer dengizi mamlakatlarida uchraydi. U tufayli bir qator mamlakatlarda karantin e’lon qilingan. Tomat kuyasi, pomidordan tashqari, kartoshka, baqlajon va qalampir hosilini ham nobud qilishi mumkin. U tufayli hosil hamda mahsulotning sifati yoki tovar ko‘rinishi yo‘qolishi darajasi 35–100 foiz atrofida baholanadi. Zararkunanda yuqori faolligi va moslashuvchanligi bilan ajralib turadi.