Gaitida “Mettyu” dovulining yuzlab qurbonlari xotirasiga uch kunlik milliy motam e’lon qilindi. Tegishli farmonni mamlakat prezidenti Joselerm Priver chiqardi, deb yozadi “TASS”.
Hujjat matnida aytilishicha, uch kunlik motam davomida milliy bayroq tushiriladi, tungi klublar va shunga o‘xshash muassasalar yopiladi, radio va televideniyega dasturlar setkasiga o‘zgartirishlar kiritib, mos tushuvchi musiqa uzatish tavsiya etiladi.
Tabiiy ofat natijasida halok bo‘lganlarning yakuniy soni aniqlanganicha yo‘q. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ularning soni 900 kishiga yaqinlashgan.
Bunday sharoitlarda 9-oktabr, yakshanba kuniga belgilangan prezident va parlament saylovlarini boshqa kunga qoldirishga qaror qilindi. Ovoz berishning aniq kunini Gaiti Muvaqqat saylov kengashi 12-oktabrga qadar e’lon qilishga va’da berdi.