AQShning Sietl shahrida O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi tomonidan “Sietl–Toshkent” birodar shaharlar uyushmasi ko‘magida tashkil etilgan “Toshkent” bog‘ining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Jahon” xabar bermoqda.
Tadbirda Sietl ma’muriyati hamda birodar shaharlar uyushmasi rahbariyati, Vashington shtati universiteti va shahar aholisi vakillari qatnashdi. Tadbir O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga sukut daqiqasi bilan boshlandi.
O‘z chiqishida “Sietl–Toshkent” birodar shaharlar uyushmasi raisi S. Pekston tadbir mezbonlari va ishtirokchilari nomidan Islom Karimovning vafoti munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga hamdardlik bildirdi. Pekston xonim Birinchi Prezidentning mamlakat suverenitetini mustahkamlashda va siyosiy-iqtisodiy yo‘nalishini shakllantirishda, shuningdek, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda tutgan muhim o‘rnini ta’kidlab o‘tdi.
Uyushma rahbari bog‘ning tarixiy ahamiyati haqida gapirar ekan, uning tashqi ko‘rinishini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, restavratsiya natijasida bog‘ning yo‘l infrastrukturasi yangilangani va obodonlashtirish ishlari yakunlanganini bildirib o‘tdi.
“Sietl–Toshkent” yo‘nalishida O‘zbekiston bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlikni yuqori baholar ekan, Pekston xonim uyushmaning o‘zbekistonlik sheriklar bilan muloqotni mustahkamlab borish, shuningdek, O‘zbekiston bilan konstruktiv ruhdagi hamkorlikni davom ettirish niyatini izhor etdi.
O‘z navbatida, Sietl meri o‘rinbosari X. Kim ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.
“Shahrimizdagi ‘Toshkent’ bog‘i nafaqat sheriklik munosabatlarining tarixiy bosqichi ramzi, balki ikki davlat va xalq munosabatlarining samarador hamkorligi mevasi hamdir”, — ta’kidladi Kim xonim.
Shuningdek, ochilish marosimida Sietlning sobiq meri U. Ulman hamda Vashington shtati universiteti professori I. Sirtautas chiqish qildi.
Izoh (0)