21–22-sentabr kunlari O‘zbekistonda o‘tayotgan ICT Week AKT haftaligi doirasida Xalqaro elektr aloqa ittifoqining AKT innovatsion texnologiyalari bo‘yicha seminari bo‘lib o‘tdi. Unda “Unicon.uz” mutaxassislari faol qatnashdi, deb xabar beradi “UzInfocom.uz”.
Ittifoq joriy yilda Toshkentda ikkinchi seminarini o‘tkazmoqda. Tashkilot vakili Chxe Sub Li seminarda chiqish qildi.
Seminar ishida Ittifoq loyihasi muvofiqlashtiruvchisi Denis Andreyev, “Rostelekom”ning Ittifoqdagi vakili Aleksey Borodin va boshqalar ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda respublika ilmiy va ta’lim muassasalari xodimlari, operatorlar va telekommunikatsiya vositalari ishlab chiqaruvchilari vakillari qatnashdi.
Seminarda 5G texnologiyalari imkoniyatlari, buyumlar internetining rivojlanish istiqbollari, uchuvchisiz harakatlanuvchi texnik vositalar negizidagi tarmoqlar, taktil internet, “to‘ldirilgan reallik” va “aqlli shaharlar” konsepsiyalarini joriy etishdagi muvaffaqiyatlar va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.
“Unicon.uz” vakili R.R.Muslimov seminarda chiqish qilib, NGN texnologiyalarini O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlariga joriy etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir yakunida mehmonlar tashkilotchilarga minnatdorlik bildirdi.
Izoh (0)