Toshkentda O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) va nodavlat teleradiouzatuvchilarning O‘zbekiston Prezidenti saylovi jarayonlarini nodavlat ommaviy axborot vositalarida yoritish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda O‘zA.
21-sentabrda O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini yoritish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi (MSK) va O‘zEOAVMA o‘rtasida bitim imzolangan edi.
Unga muvofiq O‘zEOAVMA saylov kampaniyasi jarayonini yoritish bo‘yicha axborotlarni tayyorlash va efir vaqtining ajratilishini ta’minlash, saylovchilarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan ijtimoiy axborot kampaniyalarini olib borish kabi qator vazifalarni amalga oshiradi.
Yig‘ilishda O‘zEOAVMA va nodavlat teleradiouzatuvchilarning mazkur bitim asosida Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini yoritish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi muhokama qilingan.
“Xususan, nodavlat teleradiouzatuvchilarning moddiy-texnik bazasi, jumladan, studiyalar jihozlanishini tartibga solish va zarur anjomlar bilan ta’minlash yuzasidan bajarilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqildi”, — deyiladi O‘zA axborotida.
Izoh (0)