Futzal bo‘yicha Kolumbiyada davom etayotgan Jahon Chempionatida chorak final juftliklari to‘la hal bo‘ldi.
22-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan nimchorak finalning uchta o‘yinidan keyin Misr, Argentina va Ozarbayjon termalari mundialdagi ishtirokini davom ettiradigan bo‘ldi. Bu uch jamoa chorak final chiptasini qo‘shimcha daqiqalardagi ustunlik evaziga qo‘lga kiritdi.
Ukraina futzalchilari Argentinaga qarshi o‘yinning asosiy vaqtini 0:0 hisobida yakunlashga erishdi. Qo‘shimcha daqiqadagi birgina gol o‘yin taqdirini hal qildi. Italiya esa Misr bilan asosiy vaqtda 3:3 o‘ynadi. Afrikaliklar qo‘shimcha daqiqada kiritilgan to‘rtchi gol evaziga muvaffaqiyat qozondi.
Tailand va Ozarbayjon termalari o‘yini nimchorak finallar orasida eng qiziqarlisi bo‘ldi. 8:8 hisobida yakuniga yetgan asosiy vaqtdan so‘ng ozarbayjonliklar yana 5 ta gol urishga erishdi.
Chorak finalda Yevropa chempioni Ispaniya Rossiya futzalchilariga qarshi saf tortadi. Portugaliya esa MDHning boshqa bir vakili Ozarbayjonni sinovdan o‘tkazadi. Shuningdek, Argentina va Misr termalari o‘zaro kurash olib borsa, Osiyoning mundialda ishtirokini davom ettirayotgan yagona vakili Eron Paragvay bilan bellashadi.
Izoh (0)