Xitoyda Uber kompaniyasi haydovchilari bekor qilingan safarlardan pul ishlash maqsadida mobil dasturda yo‘lovchilarni qo‘rqitadigan suratlardan foydalanmoqda. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Uber qoidalariga ko‘ra, yo‘lovchi taksiga buyurtma berganidan so‘ng uni bekor qilsa, mijozning hisobidan kichik jarima yechib olinadi.
Xitoylik haydovchilar aynan shu holatdan foydalanmoqda: ular o‘z profiliga rangpar yuzli, ko‘zlari kirtaygan va og‘zi ochiq suratlar joylashni boshlagan.
Irimga ishonuvchan xitoyliklar profildagi taksichi suratini ko‘rib, aksariyat hollarda ularning ortidan murda yoki arvoh yo‘lga chiqqan deb o‘ylaydi.
Shu sababli yo‘lovchilar safar buyurtmasini bekor qiladi va jarima to‘laydi. Jarimaning bir qismi haydovchilarning cho‘ntagiga tushadi.
TJournal Uber’ning matbuot xizmati bilan bog‘lanib, Rossiyada UberX haydovchisi bekor qilingan safar uchun jarimaning 80 foizini olishi haqida xabar topdi.
Xitoyda buyurtmaning bekor qilinishi 4,2 yuan (0,63 dollar)ni tashkil etadi. Shuning uchun aksariyat foydalanuvchilar Uber’ga shikoyat ham qilib o‘tirmaydi.
Uber vakillari xitoylik haydovchilarning ushbu qallobliklaridan xabardor ekani va unga qarshi kurarishga harakat qilayotganini ma’lum qildi.
Izoh (0)