2016-yilning 19-sentabr kuni O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish maqsadida tegishli hujjatlar to‘plamini taqdim qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Shu kunning o‘zida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun zarur hujjatlarni taqdim etdi.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana qayd etilgan ma’lumotnomani berdi.
Ma’lumki, shu yilning 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar egadir.
Bunda siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida olti oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan taqdirdagina O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatishi mumkin.
Mazkur Qonunning 24/1-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza, Adliya vazirligining siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi ko‘rsatilgan ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishi lozim.
Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalar kelib tushish navbatiga qarab markaziy matbuotda e’lon qilinadi.
Izoh (0)