Rioda bo‘lib o‘tayotgan XV yozgi Paralimpiada o‘yinlarining uchinchi kuni o‘z yakuniga yetdi. Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilardan 8 nafari shohsupaga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
100 kilogrammdan ziyodroq dzyudochilar o‘rtasidagi bellashuvlarda ishtirok etgan Odil Tuledibayev O‘zbekiston delegatsiyasi uchun to‘rtinchi oltin medalni taqdim etib berdi. Finalda u braziliyalik sportchini 2-soniyadayoq ippon bahosi bilan mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi.
Paralimpiadaning dastlabki ikki kunida 2 ta kumush medalga ega chiqqan O‘zbekiston delegatsiyasi, uchinchi kunda yana 2 ta kumushni naqd qildi. 70 kilogrammdan ziyodroq ayollar o‘rtasidagi dzyudo musobaqasida Xayitjon Alimova kumush medalni qo‘lga kiritdi. Finalda u xitoylik raqibasiga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
200 metrga kompleks usulida suzish turnirida Fotima Amilova ham ikkinchi natija qayd etib, Riodagi ishtirokini kumush bilan boshladi.
10-sentabr kuni qo‘lga kiritilgan 5 ta bronzadan 3 tasi dzyudochilarga tegishli bo‘ldi. 70 kilogrammgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasidagi turnirda Gulruh Rahimova, 90 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar musobaqasida Shuhrat Boboyev va 100 kilogrammgacha bo‘lgan dzyudochilar kurashida Shirin Sharipov uchinchi natija ko‘rsatdi.
Shuningdek, 200 metrga kompleks usulida suzishda Shohsanam Toshpo‘latova hamda uzunlikka sakrashda Doniyor Soliyev 1 tadan bronza medaliga ega chiqdi.
Izoh (0)