O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi (MSK) O‘zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha O‘zbekiston va chet el jurnalistlarini akkreditatsiyadan o‘tkazmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika Matbuot markazi xabar bermoqda.
Jurnalistlar akkreditatsiyadan o‘tishi uchun joriy yilning 1-dekabriga qadar O‘zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markaziga quyidagi hujjatlarni taqdim qilishlari lozim:
- O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov nomiga OAV tashkilotining rasmiy blankasida jurnalistni akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza;
- akkreditatsiyadan o‘tadigan jurnalistning o‘lchami 3,5x4,5 sm bo‘lgan ikki dona fotosurati;
- OAV tashkilotining davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi, elektron OAV uchun – efirga uzatish litsenziyasining nusxasi, xorijiy jurnalistlar uchun – O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan o‘tganligi haqidagi hujjatning nusxasi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 9-sentabrdan Prezident saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlandi, O‘zbekiston Prezidentligiga saylov esa 4-dekabr kuni o‘tkaziladi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.