AQSh molekulyar biologlari Zika virusi ko‘z to‘qimasiga zarar yetkazib, uning faoliyatida jiddiy buzilishlarga sabab bo‘lishi va ko‘z yosh orqali tarqalishi mumkinligini aniqladi. Bu haqda Cell Reports jurnalida chop etilgan maqolada so‘z yuritiladi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti”.
“Tadqiqotlarimiz ko‘zlar Zika virusi yashirinishi mumkin bo‘lgan joy bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi. Biz virusning ‘jangovar’ versiyasi ushbu kasallikni boshdan kechirgan barcha odamlarning ko‘zida mavjud bo‘lish-bo‘lmasligi, shuningdek, yuqumli virus qancha vaqt davomida ko‘z ichida qolishini anglab yetishimiz lozim”, — deya ma’lum qildi Sent-Luisdagi Vashington universitetidan Maykl Daymond.
Daymond va uning hamkasblari laboratoriya sichqonlarida Zika virusi bilan tajriba o‘tkazib ko‘rgandan keyin yuqoridagi xulosaga keldi. Tajribadan yetti kun o‘tib, virus parchalari kemiruvchilarning ko‘z soqqasidan topilgan.
Tajribaning bu kabi natijasi Zika virusi nazariy jihatdan odamdan odamga ko‘z yosh orqali o‘tishi mumkinligini anglatadi. Bu esa virusning asosiy tashuvchisi Aedes aegypti chivinlari yashaydigan hududlardan tashqarida ham tarqalish ehtimolini kuchaytiradi.
Izoh (0)