Mozambik terma jamoasi futzal bo‘yicha Jahon Chempionatida ishtirok etgan emas. “Qora ilonlar” bu holatga unchalik e’tibor qaratayotgani yo‘q. Ularning maqsadi barcha o‘yinda zafar quchish.
Afrika Millatlar Kubogi boshlanmay turib, Mozambikning muvaffaqiyatiga ko‘pchilik ishonmagandi. Turnirda esa voqealar rivoji o‘zgarib ketdi.
Kolumbiyaga yo‘l
Mozambik terma jamoasi Jahon Chempionatiga yo‘llanma beruvchi Afrika Millatlar Kubogi doirasida munosib ishtirok etib, Shimoliy Afrikaning uch yetakchisi — Misr, Marokash hamda Liviyaning favoritligiga qaramay, yakunda mundial chiptasini qo‘lga kiritdi.Bu borada Mozambikning asosiy raqibi sifatida turnir mezboni JAR, shuningdek, Tunis va Zambiya termalarini e’tirof etish mumkin. Mundial ishqi bilan yongan mozambiklik futzalchilar dastlabki ikki bellashuvda JAR hamda Tunisni mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Zambiyaga qarshi 3-turda esa 4:4 hisobi qayd etildi. Bu natijalar Mozambikka guruh yetakchiligini taqdim etib, jamoani navbatdagi bosqichda Marokash bilan to‘qnashtirdi.
Marokashga qarshi o‘ynash oson emasdi. 1:4 hisobidagi mag‘lubiyat bilan yakuniga yetgan o‘yindan so‘ng, Mozambikda yana bitta umid qoldi. Buning uchun guruhdagi asosiy raqib bo‘lgan Zambiyani taslim etish kerak edi.
Afrikaning janubiy qismi jamoalari o‘rtasidagi hal qiluvchi bellashuv haqiqiy trillerga aylandi. Asosiy vaqt 5:5 hisobi bilan yakuniga yetdi. Penaltilar seriyasida omad Mozambikka kulib boqdi va jamoa Kolumbiya mundialida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Jamoa haqida
“Qora ilonlar” laqabi bilan yuritiladigan Mozambik Afrika Millatlar Kubogida bir qatorga xatolarga yo‘l qo‘yganini e’tirof etish kerak. 1 ta turnirda 18 ta gol o‘tkazib yuborgan jamoa Jahon Chempionati oldidan himoya chizig‘ini mustahkamlashi kerakligi yaqqol ko‘rinib turibdi.Bosh murabbiy Neymo Abdul buning ustidan ish olib bordi. Himoya qanday o‘zgargani Jahon Chempionatida ko‘rinadiku-ya, biroq oldingi chiziqda to‘p suradigan yigitlar chakki emasga o‘xshab ko‘rindi. “Dino” laqabi bilan mashhur Rikardo Muendane Afrika Millatlar Kubogida 10 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu gollaridan 4 tasi yuqorida ko‘rsatilgani kabi Zambiyaga qarshi o‘yinlarda kiritilgani e’tiborga molik.
Mundiallar tarixi
Futzal bo‘yicha Jahon Chempionatlari tarixiga Mozambik nomi Kolumbiyadagi mundialda ilk bor yoziladi. Jamoa avvalgi urinishlarining hammasini muvaffaqiyatsiz yakunlagandi. Biroq bu statistika murabbiy Neymo Abdul va uning jamoasiga Jahon Kubogida munosib ishtirok etish uchun halal bermaydi.“JARda bo‘lib o‘tgan Millatlar Kubogi oldidan musobaqaga o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilish uchun emas, aniq maqsad yo‘lida kurashish uchun kelganimizni aytgandim. Kolumbiyadagi mundial oldidan ham o‘sha fikrlarimni takrorlayman. Biz Amerika qit’asiga uni tomosha qilish uchun emas, o‘zimiz ishtirok etadigan o‘yinlarning hammasini yutish uchun boramiz”, — dedi bosh murabbiy.
Mozambikning qanchalik jiddiy jamoa ekanini mundial davomida birgalikda ko‘ramiz.
Izoh (0)