“Toshkent” xalqaro aeroportida yuklarni skanerdan o‘tkazish avtomatlashgan tizimi joriy etildi. Bu yuklarni yo‘lovchilarga berish vaqtini jiddiy tarzda qisqartiradi, deb yozmoqda “Gazeta.uz”.
“O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yangi avtomatlashtirilgan tizim aprel oyida ishga tushirilgan edi. Bu davr ichida tizim o‘z unumdorligini ko‘rsatdi. Vaqt tejalishidan tashqari, yo‘lovchilarning yuk yo‘qolishi, unga zarar yetishi yoki yuk hajmining kamayib qolishi bilan bog‘liq e’tirozlari ancha kamaydi.
Tizim o‘zbekistonlik dasturiy ta’minot ishlab chiqaruvchisi tomonidan yaratildi. U aeroportdagi videokuzatuv tizimi bilan uyg‘unlashtirilgan.
“Endi u yoki bu yuk qayerda, qaysi texnologik zonada ekanligini har doim kuzatib borish, shuningdek, konkret yukka daxl qila oladigan shaxslarni aniqlash mumkin”, — deyiladi kompaniya xabarnomasida.
Skanerlash va hisobga olish hozircha faqat uchib kelgan reyslarga nisbatan amalga oshirilmoqda, ayni paytda tizim uchib ketayotgan reyslar uchun sinov bosqichida.
Ushbu jarayonda to‘plangan tajriba yangi “Toshkent-4” yo‘lovchi terminalining qurilishida inobatga olinadi.
Izoh (0)