“Hordiq plyus” gazetasi o‘zbek shou-biznes vakillari bo‘sh vaqtida qanday sevimli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi haqida qiziqdi, deb xabar bermoqda “Darakchi.uz”.
Alisher Fayz: Futbolga juda qiziqaman. Sababini bilmayman-u, lekin futbol to‘plarini yig‘ishni yoqtiraman. Uyimda va ofisimda ham so‘zlarimning isbotini ko‘rishingiz mumkin. Tushkunlikka tushsam yoki qattiq charchasam qo‘limga koptokni olaman. Uyda, ofisda to‘p saqlashning ham foydali tomonlari bor ekan. Bo‘sh qolsangiz sport mashqlarini bajarish imkoniyati tug‘iladi.
Hosila Rahimova: Bolaligimdan qadimiy taqinchoqlarni yig‘ishga qiziqaman. E’tibor bersangiz, zamonaviy kiyimlar bilan birga qadimiy, milliy taqinchoqlarni uyg‘unlashtirishga harakat qilaman. Mening qiziqishimni yaxshi bilgan muxlislarim momolaridan qolgan qadimiy taqinchoqlarni sovg‘a qilgan. Bundan tashqari, poytaxtdagi hovlimizga o‘tov qurdirganman. Qish kunlari o‘tovga kirsangiz jonning huzuri. Ichi qorong‘i va sokin bo‘lgani uchun ham u yerda ijod qilgingiz kelaveradi.
Ziyoda: Qiziqishlarim juda ko‘p. Ammo fitnes va zamonaviy raqs bilan shug‘ullansam, barcha tashvishlardan forig‘ bo‘lgandek yengil tortaman. Fitnes bilan qomatni tiklash uchun emas, balki ruhiy dam olish uchun shug‘ullanaman. Uyimda ham kichik mashg‘ulot zali bor. Tongda fitnes bilan shug‘ullansam, kuni bilan tetik yuraman. Raqsga tushsam, miriqib uxlayman.
Ilhom Farmonov: Eski, lekin noyob markadagi avtomobillarni yig‘ishga qiziqaman. Ulardagi yengil nosozliklarni tuzatish ham qo‘limdan keladi. Hovlimiz uncha katta bo‘lmagani uchun doimo qiziqishlarimni jilovlab turishga majburman. Bir yili poytaxtimizda noyob markadagi avtomobillar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Undagi avtomobillarni ko‘rib rosa quvondim. Demak, menga o‘xshagan qiziquvchilar oz emas ekan.
Otabek Muhammadzohid: Bir necha yildan buyon rolik va muz ustida konki uchishni yoqtiraman. Afsuski, Farg‘onada muz saroyi yo‘q. Faqatgina poytaxtga kelgandagina sevimli mashg‘ulotim bilan shug‘ullanaman. Agar moliyaviy imkoniyatim bo‘lganida, albatta, ona shahrimda shunday muz saroyini qurdirgan bo‘lardim.
Alijon Isoqov: Esimni taniganimdan buyon baliq ovlashga qiziqaman. Qarmoqda baliq ovlashning o‘z gashti bor. Uyimda 12 ta qarmoq, qayiq va baliq ovlash uchun kerak bo‘ladigan barcha anjomlar bor. Ov mavsumida do‘stlarim bilan baliq ovlagani chiqamiz. Bir necha kilogrammlik sazan balig‘ini ham ovlashga musharraf bo‘lganman.
Izoh (0)