Filippinlik mashhur bokschi, 8 vazn toifasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan Menni Pakyao 5-noyabr kuni amerikalik Jessi Vargasga qarshi jang o‘tkazadi. Bu haqda “TASS” Los Angeles Times nashriga asoslanib xabar berdi.
Vargas Butunjahon boks federatsiyasining WBO yo‘nalishi bo‘yicha yarim-o‘rta vaznda jahon chempioni hisoblanadi. Uning Menni Pakyaoga qarshi jangiga Las-Vegas yoki Dubay shaharlaridan biri mezbonlik qilishi aytilgan.
Shu yilning aprel oyida Pakyao Las-Vegasda Timoti Bredliga qarshi chempionlik uchun jang o‘tkazib, ochkolar bo‘yicha g‘olib chiqqandi.
Filippinlik bokschi avvalroq Filippin Senati uchun saylovlarda ishtirok etayotgani haqida aytib, ehtimoliy g‘alabasidan keyin mashg‘ulotlarga jiddiy e’tibor qarata olmasligi mumkinligini qayd etgandi. Bokschi siyosatdagi karyerasini mamlakat prezidenti bo‘lishgacha olib bormoqchi. May oyida u Senat uchun saylovlarda 15,5 millionta ovozni qo‘lga kiritib, qabul qilingan 12 kishi orasida 7-o‘rinni egallagandi.
Pakyao 12 yoshidan buyon boks bilan shug‘ullanib keladi va bu voqeaga bugun 21 yil to‘lgan. U 66 ta jangda ishtirok etib, 58 tasida raqiblarini mag‘lub etdi. Shularning 38 tasini nokaut bilan yakunladi. 6 ta jangda mag‘lub bo‘lgan Menni, 2 tasida durangga erishdi.
Bokschining birinchi tituli 18 yil muqaddam 50 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasida qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, keyinroq u yana 7 vazn toifasida jahon chempionligini nishonladi. Boksdagi karyerasi unga 500 million dollarga yaqin foyda keltirdi. 16 yil avval Menni bunday katta mablag‘ haqida orzu ham qila olmasdi. Chunki uning birinchi jangi uchun bor-yo‘g‘i 19 yevro to‘lashgan.
Izoh (0)