Joze Mourinyoning qarori bilan “Manchester Yunayted” klubi yoshlari bilan mashg‘ulot olib borayotgan germaniyalik futbolchi Bastian Shvaynshtayger milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlagani haqida xabar berdi.
Eurosport ma’lumotiga ko‘ra, yarim himoyachi bu haqda Twitter sahifasida post yozib qoldirgan.
“Men terma jamoadagi kelajagim haqida Ioxim Lyov bilan gaplashib oldim va xalqaro maydondagi ishtiroknimni yakunlashga qaror qildim. Barcha muxlislarga, jamoaga, murabbiylar va Germaniya Futbol Ittifoqiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, — deb yozgan Bastian.
Futbolchi Germaniya terma jamoasi safida 2004-yilda debyut qilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida 120 ta o‘yinda ishtirok etdi va 24 ta gol urishga erishdi.
Terma jamoadagi 12 yillik faoliyati davomida Bastian Shvaynshtayger 2014-yil jahon chempionligini qo‘lga kiritdi, 2006 va 2010-yillarda esa mundialning bronza medallariga ega chiqdi. 2008-yilda Yevropa Chempionatining finaliga qadar yetib bordi.
Izoh (0)