ANews ba’zi mamlakatlar yetakchilarining shaxsiy samolyotlari bo‘ylab “sayohat” tashkil qildi.
Devid Kemeron va uning “Tarkidunyochilik borti”
Buyuk Britaniya bosh vazirida xizmat parvozlari uchun shaxsiy samolyot yaqinda paydo bo‘ldi, shu maqsadda Airbus A330 borti qaytadan jihozlandi. Katta vazirlar va qirollik oilasi a’zolari ham uchishi mumkin bo‘lgan samolyot britaniyalik soliq to‘lovchilarga 10 million funtga tushdi. Hukumat ta’kidlashicha, alohida samolyotdan foydalanish charter aviareyslariga qaraganda yiliga 700 ming funtga arzonroqqa tushadi.Bosh vazir ishontirishicha, samolyot qat’iy tejamkorlik sharoitlarida jihozlandi va eng oddiy pardoz materiallaridan foydalanildi. Internet foydalanuvchilari samolyotni “Tarkidunyochilik borti” deb nomlashni taklif qildi.
Barak Obama va uning “Oxir zamon samolyoti”
Boeing VC-25 modelidagi ikkita prezident samolyoti 1990-yilda foydalanishga kiritilgan. Ularning har biri 325 million dollar turadi.Interyer 1987-yilda AQShning o‘sha vaqtdagi 40-prezidenti Ronald Reyganning rafiqasi — Nensi Reygan loyihasi bo‘yicha bezatilgan.
VC-25 “Oxir zamon samolyotlari”dan biri sifatida ishlab chiqilgan: yerdagi qo‘mondonlik boshqaruv punktlarining barchasi yo‘q qilingan taqdirda, samolyot prezident, mudofaa vaziri va harbiy muassasaning boshqa a’zolari uchun bosh shtabga aylangan holda, ularning o‘rnini bosishi kerak bo‘ladi.
Vladimir Putinning oltita uchar saroyi
Rossiya mansabdor shaxslarini “Rossiya” maxsus uchuvchilar otryadi havo orqali o‘z manziliga yetkazadi. Bugungi kunda Rossiya prezidenti va asosiy vazirlarni tashiydigan havo kemalari soni oltitani tashkil qiladi.1996-yildan buyon prezidentning asosiy samolyoti Il-96-300PU — Il-96 yo‘lovchi samolyotining modifikatsiyalangan varianti hisoblanadi. U yadroviy nizo yuzaga kelgan taqdirda qurolli kuchlarni boshqarish imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlangan.
Vladimir Putin uchun yangi samolyot 2003-yilda qurilgan. 2010-yilda o‘sha paytda prezident bo‘lgan Dmitriy Medvedev aviaparkni yana ikkita samolyotga kengaytirdi. 2013-yilda ularning safiga yana ikkita samolyot qo‘shildi.
Oddiy reys samolyotlaridan ushbu mashinalar qimmatbaho pardoz materiallari hamda maxfiy muzokaralar olib borish va zarur bo‘lganda mamlakat yadro kuchlarini boshqarish imkonini beruvchi takomillashtirilgan aloqa qurilmasi bilan farq qiladi.
Fransua Olland va birovning xotini ismi bilan nomlangan samolyot
2010-yil noyabridan buyon Fransiya prezidentlik floti foydalanish uchun Airbus A330-200’ni qabul qilib oldi, u taxminan 176 million yevroga tushdi.Fransiya prezident floti, shuningdek, o‘z ichiga 2009- va 2010-yillarda xarid qilingan ikkita Falcon 7X samolyotlarini ham oladi. Nikolya Sarkozi o‘z prezidentligi mobaynida ulardan biriga rafiqasi Karla Bruni sharafiga “Karla Birinchi” deb nom berdi.
Angela Merkel va uning “o‘yinchoq” samolyoti
2011-yil Lufthansa aviakompaniyasi kansler ixtiyoriga Airbus A340 laynerini topshirdi. Aynan u kansler va hukumatning asosiy samolyotiga aylandi.Layner qo‘shimcha yoqilg‘i olmasdan turib, 13 500 km masofaga uchishga qodir, bu Berlindan to‘g‘ri Pekin, Vashington va hatto Rio-de-Janeyroga yetib borish imkonini beradi.
Samolyot Germaniyaning birinchi kansleri Konrad Adenauer nomi bilan ataldi. Undan ko‘p o‘tmay, hukumat GFR sobiq prezidenti Teodor Xoys nomidagi ikkinchi samolyotga ham ega bo‘ldi.
Yaqin masofalarga uchish uchun germaniyalik siyosatchilarda to‘rtta kichik Global 5000 samolyoti ham bor, ular 13 nafardan yo‘lovchini sig‘dira oladi.
Ushbu samolyotlarning ixcham ko‘rinishi kulgili vaziyat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. 2016-yil iyunida internetda Merkelning Global 5000 va Fransua Ollandning Falcon 7X samolyotlari Britaniyaning Iron Maiden rok-guruhi samolyoti fonida jimitdek bo‘lib turgani aks etgan surat paydo bo‘lgan edi. Ulkan “Boing” oldida Merkel va Ollandning samolyotlari kulgili va o‘yinchoqsifat bo‘lib ko‘rindi.
Izoh (0)