Misrning EgyptAir aviakompaniyasiga tegishli, O‘rta Yer dengizi sharqida halokatga uchragan A320 samolyoti uchuvchilaridan biri kema qulashidan oldin yong‘inni o‘chirishga uringani aniqlandi. Bu “qora quti” yozuvlaridan ma’lum bo‘ldi, deb xabar bermoqda “RBK”.
Ilgariroq samolyot dumida joylashgan parametrik o‘ziyozar uskuna layner 11 kilometr balandlikda bo‘lganida ishdan chiqqani aytilgan edi. Le Figaro nashrining bildirishicha, yong‘in ikkinchi “qora quti”ning ishdan chiqishiga sabab bo‘lmagan. Yong‘in sabablari hozircha ma’lum emas.
Eslatib o‘tamiz, 19-may kuni Parijdan Qohiraga MS804 reysini amalga oshirayotgan, bortida 66 kishi bo‘lgan A320 samolyoti Qohira aeroportiga qo‘nishiga taxminan 35 daqiqa qolganda, endigina Misr havo hududiga kirganda radarlar ekranidan yo‘qolgan edi. Keyinroq uning bo‘laklari Gretsiyaning Karpatos orollaridan topildi.
“Qora quti”lar iyun oyining o‘rtalarida dengiz tubidan ko‘tarildi.
Izoh (0)